Oʻzbekistonda eksport qilinadigan tovarlarning bojxona qiymatini belgilash bo‘yicha yangi reglament kuchga kirdi.
Adliya vazirligi maʼlum qilishicha, hukumat mamlakatdan olib chiqiladigan mahsulotlarning bojxona qiymatini belgilash tartibini aniqlab beruvchi hujjatni tasdiqladi.
Bojxona qiymati — eksport bojlari va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashda asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
Hisoblashning quyidagi usullari nazarda tutilgan:
Eksport qilinayotgan tovar bo‘yicha bitim narxidan kelib chiqib.
Identik tovarlar bo‘yicha bitim narxiga asoslanib.
O‘xshash tovarlar bo‘yicha bitim narxidan foydalanib.
Xarajatlarni yig‘ish usuli (ishlab chiqarish va eksport xarajatlari hisobga olinadi).
Zaxira usuli, yaʼni bojxona organlari maʼlumotlari va narxlar haqidagi muqobil manbalardan foydalanish orqali.
Vazirlik taʼkidlashicha, ushbu tartib hisob-kitob jarayonini takomillashtirish hamda eksport mahsulotlari bojxona qiymatini aniqlashda subyektivlikni bartaraf etishga xizmat qiladi.